Biz qanday oʻrnak koʻrsatayapmiz?

Biz qanday oʻrnak koʻrsatayapmiz?

496
Dam olish kunlarining birida qoʻshnimiz chiqdi. U yoq bu yoqdan suhbatlashdik. Xullas, dard-hasrati uzoq choʻzildi. Oʻzi shundogʻam kayfiyati boʻlmay turgan qoʻshni ayolga oʻgʻlimning qiliqlari, hadeganda gapga aralashaverib, savol beraverib meni chalgʻitayotgani yoqmadi, chogʻi uni koyigan boʻldi.
– Oying bilan gaplashib olay, bor nariroqda oʻyna, – dedi.
Bir tomondan u haq edi. Bolada, qiziquvchanligini qoʻymaydi. Baʼzan oʻzimizning ham toqatimiz toq boʻladi. Shunda oʻgʻlimning biroz kompyuter oʻynab turishiga ruxsat berdim. Gap bilan boʻlib, tushlik vaqti boʻlganini sezmay qolibman. Tushlikka unnaganimni koʻrib qoʻshnim ketishga chogʻlandi. Shundogʻam hamma gapni gaplashib boʻlgandik, indamadim.
– Oʻgʻlim, choyingni ich, – dedim.
– Hozir yana ozgina oʻynay, – javob qaytardi u.
Rozi boʻldim. Oʻzi istaganida turar dedim. Biroz oʻtgach, uni yana chaqirdim va oʻyinni bas qilishini qatʼiy talab qildim. Shunda u:
– Siz savol berganimda, birga oʻynang, deganimda iltimosimni bajarmadingiz-ku, nega endi men bajarishim kerak? – dedi.
Uning izohidan jahlim chiqdi. Ona sifatda u aytganimni qilishi kerak, deb hisobladim. Aynan shunday qildim ham. Unga jazo sifatida kompyuterga qayta oʻtirishni taqiqladim.
Ammo hovurimdan tushgach, aslida ayb oʻzimdan oʻtganini angladim.
Bu kabi holat bugungi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asrida, globallashuv davrida, farzandlarimiz juda tez ulgʻayayotgan (kerak boʻlsa bizdan-da ilgʻor fikrlaydi) zamonda tez-tez koʻzga tashlanayapti. Ularga qanday namuna boʻlayapmiz? Behuda gaplashib oʻtirishga vaqt topayapmiz. Ammo bolalarimizning bolalarcha “dardini” eshita olmayapmiz. Ertalabdan kechgacha televizor qarshisidan turmayapmiz. Lekin ularga televizorni koʻp koʻrish zararli deyapmiz. Telefonda soatlab suhbatlashamiz-u, farzandlarimizga chegara qoʻyamiz. Davom ettirmay qoʻya qolay. Buni deyarli har bir ota-ona boshidan oʻtkazgan yoki oʻtkazayapti.
…Bola kitobini koʻtarib ham serial koʻrib ham oʻrtogʻi bilan telefonda suhbatlashayotgan onasining oldiga keladi. Yordam soʻraydi. Vazifani bajara olmayotgani, qiynalayotganini aytadi. Ona qanday javob beradi?
Angladingizki, hamma ona ham telefon goʻshagini joyiga qoʻyib, televizorni oʻchirib farzandiga yordamga shoshmaydi. Aksincha, “Sabr qil. Kino tugasin. Keyinroq qarab beraman. Bor oʻzing tayyorla. Senmi oʻquvchi yoki men?” kabi bahonalarni aytadi.
Xoʻsh, ota-chi?
Tongda ketib, tunda keladigan otalar farzandining oʻqishi, taʼlim-tarbiyasi haqida qay darajada xabardor? Uyda boʻlganda ham farzandlariga qay darajada eʼtiborli? Televizor, kompyuter, telefondan boʻshab bolalari uchun qancha vaqt ajratayapti?
Ikkisidan ham istaganini ololmagan bolalar muammo yechimini qayerdan izlaydi?
Topdingiz. Koʻchadan, albatta. Savollariga yaqinlaridan javob ola olmagach, koʻcha-koʻyda oʻrtoqlaridan, tanishlaridan, internetdan javob izlaydi.
Kuni kelib yoʻldan adashgan farzandining ayblari, kamchiligi koʻrina boshlagach, ota-ona boshini ushlab “Qanday gunoh qiluvdim? Qayerda adashdim?” deydi. Shunday emasmi?
9 yoshli Ali va uning 6 yoshli singlisi Nigora oʻynayapti. Turli bolalarcha oʻyinlardan zerikkan ikkisi kelishib, “ota-ona” oʻyinini oʻynay boshladi. Biri ota yana biri ona rolini ijro etishga kelishdi.
Ali oʻrnidan turdi va ishdan kelgan “ota“ boʻldi:
– Ovqating tayyormi? Tezroq suz.
Kutilmaganda “ona“ ikki qoʻlini beliga qoʻyib, baland ovozda:
– Tayyormas, keldizmi? Shu paytgacha qayerda yuribsiz?
– Ishda ushlanib… Haligi majlis sal choʻzildi…
– Yarim kechagacha majlis boʻlarkanmi? Undan koʻra qayerlarda sanqib yurganingizni…
Ikkisi talasha boshladi. Ularni chetdan kuzatib turgan odam oiladagi muhit, vaziyatni anglashi qiyin emas.
Shu payt ichkilikdan oyogʻida zoʻrgʻa turgan ota darvozadan kirdi va:
– Hov, menga qara…., – deb yana haqorat qilishni boshladi.
Ona ham uydan chiqib, eriga xuddi oʻzidek javob qaytarganini bolalar yana jimgina, har doimgidik, murgʻak qalbi, begʻubor nigohi ila kuzatib, ongiga muhrlay boshladi…
Xulosa sizdan.

 

Leave A Reply

Your email address will not be published.