Daʼvogarlar foydasiga 12,6 trillion soʻm undirildi

32

 

Tadbirkorlik rivojlangani sari ular oʻrtasida paydo boʻlayotgan nizolar ham koʻpayib bormoqda. Iqtisodiy sudlarda koʻrilgan ishlar soni 2018 yilda 2017 yilga nisbatan 16 foizga oshgani shundan dalolat beradi. 
2018 yil mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 403 ming 344 ish koʻrib chiqilib, hal etilgan boʻlsa, daʼvogarlar foydasiga 12,6 trillion soʻm undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.
– Iqtisodiy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar tahliliga nazar tashlansa, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent shahar iqtisodiy sudlarida koʻproq daʼvolar hal etilgani oydinlashadi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov. – Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud taʼsirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida koʻrilgan ishlarning salmoqli qismi, yaʼni 264 mingdan ziyodi bevosita joylarda, sayyor sud majlislarida koʻrib chiqildi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 3 ming 195 tasi videokonferensaloqa rejimida koʻrib chiqilgan. Natijada taraflarning 1,9 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻi tejab qolindi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishga oid 42 ming 478 iqtisodiy ish koʻrib chiqildi. Taraflar foydasiga 1 trillion soʻm undirib berildi.
Koʻrilgan ishlarning asosiy qismini mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, kredit, oldi-sotdi va haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar tashkil etgan.
Bundan tashqari, Oliy sud Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan nazorat tartibida 368 shikoyat va protestlar koʻrib chiqilgan. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 224 ta qaror bekor qilindi va 66 ta sud qarorlari oʻzgartirilgan.

Leave A Reply

Your email address will not be published.