Muammolarni hal qilish kechiktirilmaydi. Jamoatchilik nazorati guruhi o‘n kundan buyon Payariq tumanida bo‘lib, aholi bilan muloqot qilmoqda

44

Yangiobod mahallasi hududidagi 9 qishloqda 840 xonadon mavjud. Ularda 4820 nafar aholi istiqomat qiladi.

Hududda bir qator korxonalar bo‘lishiga qaramay ishsizlik muammolari bor. YOshlarning aksariyati ishsiz. SHuningdek, o‘rganish jarayonida mahalladagi tibbiyot va ta’lim muassasalari hamda boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarida echimini kutayotgan muammolar ko‘pligi aniqlandi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi muammolar borligi kuzatildi. Muhimi, muammolarga echim topish bo‘yicha o‘sha kuni yoki uch kun ichida mutasaddilar tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Mahallada yashovchi X.Rajabovning xonadonini borib o‘rganganimizda oilaning nochor ahvolda ekanligini ko‘rdik. Oilaning olti nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i bilan shar’iy nikohda yashaydi. X.Rajabovning o‘zi o‘n kundan buyon oyog‘i ishlamay to‘shakda yotibdi. SHifokorlarga murojaat qilishmagan. Uyda na o‘tin, na ko‘mir va na gaz balloni bor. Zudlik bilan chaqirtirilgan tez yordam mashinasi loy tufayli yo‘ldan o‘tolmagach, shifokorlar bemorning uyigacha piyoda borishiga to‘g‘ri keldi. SHu kuni unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, tashxis qo‘yilgach, shifoxonaga yotqizildi.

Yo‘ltepa qishlog‘ida yashovchi asr bilan yuzlashgan Xurum momo Umirovaning xonadonida etishmovchilik yo‘q. Ammo 1919 yilda tug‘ilgan momoning haligacha biometrik pasporti olmagani ma’lum bo‘ldi. SHuningdek, onaxon 4 yil muqaddam yiqilib, oyoqlari singan ekan, to‘shakda yotib qolgan. Nogironlik aravachasiga muhtojligi bor.

 

SHu qishloqda yashovchi 83 yoshli Tursunoy Norqulova hanuzgacha sobiq SSSR pasporti bilan yuribdi. SHu joyning o‘zida mahalla raisi T.Xudoyberdiev yordamida tuman ichki ishlar bo‘limi bilan bog‘lanib, ularning pasportini almashtirish choralari ko‘rildi.

Yo‘ltepa-2 qishlog‘ida yashovchi Q.Toshboev oilasida nogiron qiz yashaydi, o‘g‘li esa 8-sinfda o‘qiydi. Oila bekasi ikki yil ilgari vafot etgan. Xonadonda otadan boshqa ishlab, oila boquvchi yo‘q. Mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan bu oilaga moddiy yordam tayinlandi.

To‘g‘risi, dastlab aholi jamoatchilik nazorati guruhlariga ishonmay qaradi. CHunki ilgari ham ko‘p marta hokimiyat vakillari kelib, muammolarni yozib ketgan, lekin muammolar hal bo‘lmagan ekan. Bu safar ham shu gap takrorlanadi-da, deguvchilar bo‘ldi.

Biror xonadon muammosini shu erning o‘zida hal qilib bersangizgina uy egalarining fikri o‘zgarmoqda. Ayrim muammolar qaysidir bir tashkilotning e’tiborsizligi sababli paydo bo‘lgan. Masalan, uy-joy kadastri xizmati tumandagi barcha xonadonlarni xatlovdan o‘tkazganiga qaramay, o‘rganilgan har beshta xonadonning uchtasida kadastr hujjatlari yo‘q. Aholiga o‘z vaqtida uy-joy hujjati qilinmasa, jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelishi tushuntirilmagan.

O‘rganish davomida birgina YAngi­obod mahallasida 300 ta suyultirilgan gaz balloniga ehtiyoj borligi ma’lum bo‘ldi. Tuman gaz ta’minoti bo‘limidagilar esa mahallaning 200 tadan ko‘proq ortiqcha gaz balloni olganligini aytishmoqda.

Darvoqe, muammolar nafaqat aholida, balki ularni boshqarib turgan mahalla fuqarolar yig‘inida ham bor ekan. YA’ni, mahallaning o‘z binosi yo‘q. Oqsoqol va xodimlar bolalar bog‘chasining bir xonasidan foydalanib turisharkan.

– Aslida bizning bu erda faoliyat yuritishimiz noto‘g‘ri, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tirkash Xudoyberdiev. – SHunda ham kechqurun bolalar yo‘q vaqtida borib ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Boshqa vaqtlarda fuqarolarni uyda qabul qilishga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu muammoning echimi bor ekan. Buning uchun eski maktab hududidan joy ajratib berilsa kifoya. Ammo mahallaning shu hududdan joy ajratib berish to‘g‘risida tuman hokimligiga bergan taklifi haligacha ko‘rib chiqilmagan.

Bir haftalik o‘rganishlar davomida xonadonma-xonadon kirish, odamlar bilan muloqot qilishning qanchalik samarali ekanligiga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik. Demak, davlatimiz rahbarining mutasaddilarni ushbu tartib asosida ishlashga da’vat etishi bejiz emas ekan. Haqiqatan ham rahbar, xalq bilan ishlaydigan mas’ul bugun kabinetida murojaatchini kutib o‘tirishi kerak emas, ular huzuriga o‘zi borishi lozim. SHu nuqtai nazardan joriy yilning 1 fevralidan boshlab joylardagi Xalq qabulxonalarining ham aholi muammolarini uyma-uy yurish orqali aniqlashi, davlat organlarining xalq bilan yanada yaqin bo‘lishini ta’minlaydi.

Dilmurod TO‘XTAEV,

Jamoatchilik nazorati

guruhi a’zosi.

 

Leave A Reply

Your email address will not be published.